Главная » Qiziqarli shou biznes yangiliklari » Yigitali Mamajonov: “Farzandlarimni boshqa ota tarbiyalayotganini kuzatish og`ir”

Yigitali Mamajonov: “Farzandlarimni boshqa ota tarbiyalayotganini kuzatish og`ir”

Yigitali Mamajonov kutilmaganda o`zbek shou-biznesi va kino olamiga kirib keldi-yu, mashhurlikka erishishi ham xuddi shunday tezlashib ketdi. Birovlar buni uning klip va kinolardagi mahoratli ijrosidan deb bilsa, boshqalar uning shaxsiy hayotidagi voqealar sabab, deya talqin etishdi. Lekin nima bo`lganda ham, bugun Yigitalining o`zbek san`atida o`z o`rni bor. U mahoratli ijrosi bilan ko`p minglab muxlislar ko`nglini zabt etdi. Yosh va serqirra ijodkor bugun “Darakchi” mehmoni! U bilan ijod va shaxsiy hayotidagi o`zgarishlar haqida suhbatlashdik.

— Ayni kunlarda xorijda ekansiz...

— Uzoqqa ketganim yo`q. Qo`shni davlat — Qozog`istondaman. San`atdan tashqari gul savdosi bilan shug`ullanishimni bilasiz. Shu ishlar bilan bandman.

— Bu safardan maqsad faqat ish emasligini ham bilamiz. Unashtirilibsiz...

— (Kulib) Nazarimda, bundan ko`pchilik xabar topganga o`xshaydi. Unashtirildim... Mayli, to`g`risini ayta qolay, uylandim ham. To`yimiz oila a`zolarimiz va faqat yaqinlar davrasida o`tkazildi.

— Demak, to`yingiz Chimkentda bo`ldi... Nega Toshkentda emas?

— Menimcha, to`yning qaerda bo`lishi muhim emas.

— Turmush o`rtog`ingiz chimkentlik ekan...

— Muhabbat shunday mo``jizaki, u millat, masofa tanlamaydi. Bu tuyg`u bizga ayni kerak paytda qalbimizda paydo bo`lganidan xursandman.

 

— Rafiqangiz haqida gapirib berolasizmi?

— Shaxsiy hayotim haqida omma oldida gapirishni yoqtirmayman. Shuning uchun turmush o`rtog`im haqida gapirmoqchi emasman. Asosiysi, u men uchun aziz va qadrli inson. Allohning istagi bilan bir-birimizga ko`ngil qo`ydik.

— Uning qaysi jihatlari e`tiboringizni tortdi?

— Uni ilk bor ko`rganimni yaxshi eslayman. Qadrdonlar bilan dam olishda edik, u ham oilasidagilar bilan hordiq chiqarishga kelgan ekan. O`shanda ikki oila a`zolari xuddi ko`pdan beri bir-birini bilgandek, qadrdon bo`lib ketganmiz va keyinchalik ham tez-tez gaplashib turdik. Vaqt o`tgan sayin u mening prinsiplarim, xohish va tasavvurimdagi inson ekanligiga amin bo`la boshlaganman.

— Ijodingizni kuzatib turardimi?

— Aktyorligimni bilardi. Filmlarimni ko`rgan. Doim ijobiy fikr bildirib, meni qo`llab-quvvatlaydi.

— Farzandlaringiz haqida ham gaplashsak...

— Uch yoshimda dadamdan ayrilganman. Keyinchalik onam turmushga chiqdilar. Ikkinchi otam ham juda yaxshi inson, mehrim bo`lakcha. Bugungi kunda erishganlarim, inson bo`lib tarbiyalanishimda ularning o`rni katta. O`ylab qarasam, bugun mening taqdirim bolalarimning hayotida ham takrorlandi. Har bir ota kabi men uchun ham bolalarimni boshqa ota tarbiyasi ostida katta bo`lishayotganini kuzatish biroz og`ir. Lekin Yaratganning o`zi ularni o`z panohida asrashiga, kelajakda yaxshi inson bo`lib voyaga etishiga ishonaman. Bugun bolalarim bilan gaplashib, ko`rishib turamiz. Uchrashganda, mehrimni boricha berishga, vaqtimizni mazmunli o`tkazishga harakat qilyapmiz.

— Xitoylik bir alloma “Yo`lingdan adashgan bo`lsang, hammasini boshidan boshla. Shunda to`g`ri yo`lni topib olasan”, degan ekan. Bu fikrga munosabatingiz?

— Menimcha, hayotda hech narsani boshidan boshlab bo`lmaydi. Bosilgan yo`l o`tib ketdi. Xatolardan xulosa chiqarib yashashning o`zi insonni yaxshilikka yo`naltiradi, deb o`ylayman.

— So`nggi yillar hayotingizda qanday iz qoldirdi?

— Fikrlashim, dunyoqarashim va insonlarga bo`lgan munosabatim o`zgardi. Hayot va vaqtning qadrini yanada chuqurroq anglashni boshladim.

— Yigitali, so`nggi paytlarda ijodingiz biroz sustlashgandek. Nega kinolarda kamnamosiz?

— Tayyorgarliklar avjida, yangi film­lar ustida ishlayapman. Yangi ishga qo`l urishdan avval uzoq o`ylanib, ssenariyni yaxshilab tushunib olaman. Tasvirga olish ishlari boshlangunga qadar bo`lgan tayyorgarlik tufayli aktyorlar ijoddan chekingandek tuyulsa kerak.

— Taklif etilgan rolga rozi bo`lishingiz uchun qaysi omillarga ahamiyat berasiz?

— Birinchi o`rinda albatta, ssenariyni o`qib chiqib, uning mavzusini inobatga olaman. Keyin esa qanday ijodiy guruh bilan ishlashim ham men uchun muhim. So`nggi o`rinda esa beriladigan gonorar masalasini gaplashaman (kuladi).

— Siz nafaqat aktyor sifatida, balki sportchi sifatida ham imkoniyatlaringizni ko`rsata olgansiz. Ayting-chi, rejissyorlar payqamayotgan yana qanday iqtidoringiz bor?

— Balki qaysidir imkoniyatlarim bilan tomoshabinni qoyil qoldirishim mumkindir, lekin o`zim haqimda o`zim gapirsam, nokamtarlik bo`ladi. Shuning uchun yaxshisi, rejissyorlar men bilan ko`proq ishlashsin, shunda o`zlari guvoh bo`lishadi (kuladi).

— Bugun aksariyat mashhur kinoaktyorlar teatrda faoliyat yurityapti. Sizda ham shunday reja bormi?

— Teatr sahnasiga chiqish uchun birinchi navbatda aktyorning o`zi tayyor bo`lishi kerak. Teatr umuman boshqa olam! U erga qadam bosish, bu — yangi bir pog`onaga ko`tarilish, demakdir. Teatrda ishlash haqida juda ko`p o`ylaganman. Lekin menimcha, bunga hali tayyor emasman. Yana-da ko`proq, mehnat qilib, izlanib, tajriba orttirganimdan keyin, albatta, spektakllardagi qahramonlarni gavdalantirishni istayman.

— Rejissyor sifatida-chi?

— Bu juda mas`uliyatli kasb. Ammo film ishlash niyatim yo`q emas. Agar kino suratga olsam, birinchi o`rinda detektiv, keyin drama, tragediya va keyinchalik komediya janrlarida ishlagan bo`lardim. Hayotimizdagi sinov va mashaqqatlarni qahramonning his-tuyg`u, kechinmalari orqali ko`rsatib berishni istardim.

— Yigitali, shunday vaqt bo`ldiki, jurnalistlar bilan umuman gaplashmay qo`ydingiz. Lekin bugun siz bilan bog`lanish ancha oson. Fikringizni nima o`zgartirdi?

— Ba`zida odam yuragidagi gaplarni kim bilandir bo`lishgisi kelarkan. Bu holatga so`nggi vaqtlarda ko`p tushyapman. Shuning uchun ham jurnalistlar bilan tez-tez muloqotga kirishyapman shekilli...

— O`zingizga qanday savol bergan bo`lardingiz?

— (O`ylanib) “Kimsiz va aslida nimalar qilishingiz kerak?” deb so`rardim. So`nggi vaqtlarda shu haqida ko`p o`ylayapman. Lekin javobini hali o`zim bilmayman.

Blis

— Hayotingizni ochib beradigan iqtibos?

— Insonning qalbi qanchalik pok bo`lsa, hayoti ham shuncha go`zallashadi”

— Nimadan ko`proq afsuslanasiz?

— Gunohlarim ko`pligidan...

— So`nggi o`qigan kitobingiz...

— "Saodat asri qissalari".

— So`nggi marta maroq bilan tinglagan Qo`shig`ingiz...

— "Imany – You will never know"”.

— Hayotda nimani yodingizdan chiqarishingiz qiyin?

— Xiyonat, aldovni va minnatni.

— Bugun kimdan kechirim so`ragan bo`lardingiz?

— Yaratgan egamdan.

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi


Manba: Darakchi.uz




Новости «Yigitali Mamajonov: “Farzandlarimni boshqa ota tarbiyalayotganini kuzatish og`ir”»


Всего комментариев: 0
avatar