Воскресенье, 24.06.2018, 02:43
Приветствую Вас, Гость
Главная » 2018 » Июнь » 4 » Uzoq umr ko`rishning siri nimada?
10:06
Uzoq umr ko`rishning siri nimada?

Yaqin kelajakda insonlar 200 yil, hatto 300 yillab umr ko`rishi mumkin ekan. Ushbu fikrni tasdiqlovchi dalillar bor, albatta.

Insoniyat qadimdan uzoq umr ko`rish sirlarini topishga harakat qiladi. Amerikada istiqomat qilgan ispan tadqiqotchisi Ponse de-Mon odam organizmida “yoshlik favvorasi”, professor Mechnikov “qarilik zahri”, Siolkovskiy esa “his etuvchi va fikrlovchi atomlar” mavjud deb hisoblab, bu borada ko`plab ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Biz bilan zamondosh gerontologlar (umrni uzaytirish bilan bog`liq fan mutaxassislari) bildirayotgan fikrlarga ko`ra, yaqin kelajakda insonlar 200 yil, hatto 300 yillab umr ko`rishi mumkin ekan. Ushbu fikrni tasdiqlovchi dalillar bor, albatta.

“Qarilik genlari”

Monreallik genetik olimlar tomonidan qurtlarda “geniogenlar” (“qarilik genlari”) kashf qilindi. Olimlar tadqiqot davomida “qarilik genlari”ni olib tashlashgach, qurtlarning umri 5 barobarga uzaydi. Ayni paytda ularining faolligi oshish bilan birga, oziqlanishga ehtiyoji keskin kamaydi. Oradan ko`p o`tmay inson a`zolarida ham “qarilik genlari” borligi aniqlandi. Endilikda mutaxassislar mazkur masalaga jiddiy yondashsalar inson umri bir necha barobarga uzayishi mumkin.

Ochlik – mo``jiza

Tadqiqotchilarning ta`kidlashicha, inson a`zolarida paydo bo`ladigan kislorodning faol shakllari uning keksayish jarayonini tezlashtiradi. Kislorodning faol shakllari ichki organizmdagi barcha hujayralar tarkibiy qismi va yurak qon-tomir faoliyatini ishdan chiqaradi. Bunga qarshi yagona chora — ochlik deyilmoqda. Olimlar ro`za kasalliklarga qarshi immunitetni kuchaytirishini, ro`za tutgan odamda ushbu maqsadga xizmat qiluvchi hujayralar o`n marta ko`payishini ilmiy isbotlagani bejiz emas.

Shuningdek, iste`mol qilinayotgan oziq-ovqatning kaloriyasi qanchalik yuqori bo`lsa, kislorodning faol shakllari shunchalik ko`payadi. Shuning uchun uzoq umr ko`rishni istovchilar kam kaloriyali ovqatlar bilan birgalikda ho`l meva va sabzavotlarni ko`proq tanovul qilishlari hamda sharbatlar, dorivor giyohlar damlamalari va ko`k choy ichishlari maqsadga muvofiqdir.

Tadqiqot natija berdi

AQShdagi qarilikni o`rganish Milliy instituti olimlari tomonidan ochlik bilan umrni uzaytirish ustida olib borilgan tadqiqot natijalari e`lon qilinganda, buni keng jamoatchilik katta qiziqish bilan qarshi oldi. Yarim yil mobaynida 48 nafar odam iste`mol qiladigan oziq-ovqatning odatdagi me`yoridan to`rtdan bir qisminigina tanovul qilish bilan cheklandi. Natijalar esa ularning a`zolarida qarishni to`xtatish jarayoni keskin kuchayganini ko`rsatdi.

Uzoq umr ko`ruvchilar qaerda?

Gerontologlarning fikricha, sayyoramizda eng uzoq umr ko`ruvchilar Abxaziya, Pokistondagi Xunza viloyati va Ekvadordagi Vilkabambe qishlog`i aholisi hisoblanadi. Har uchala hudud ham tog`li joylar bo`lib, u erlarda istiqomat qiluvchilar bir asr umr ko`rsalar-da, ruhan va jismonan tetikligi bilan ajralib turadi. Olimlar ularning hayot tarzini o`rganishganda, bu erlik aholining bolalikdan to`yib ovqatlanmasligi va ko`pincha och yurishga ko`nikkani ma`lum bo`ldi. Shuningdek, ular iste`mol qiladigan oziq-ovqatlarning aksariyat qismini ho`l meva va sabzavotlar tashkil qilib, asosiy vaqti esa toza havoda jismoniy mehnat qilish bilan o`tishi aniqlangan.

Ma`lumotlarga ko`ra, Yaponiyada ham 100 yoshga kirganlar soni soat sayin o`sib bormoqda. 1963 yili bu erda 153 nafar 100 yoshga kirgan odam ro`yxatga olingan bo`lsa, hozirda ularning soni 36 ming nafardan ko`pni tashkil etadi.

Tibbiy maslahat

Mutaxassislarning qayd etishicha, uzoq umr ko`ruvchilarning hayot tarzlarida ayrim o`xshashliklar bor. Masalan, ularning hech biri ortiqcha vazndan aziyat chekmaydi. Ma`lumki, organizmdagi to`plangan yog`lar yurak faoliyatiga salbiy ta`sir o`tkazib, qon-tomir sklerozi xastaligini keltirib chiqarishi mumkin. Shu boisdan ham uzoq umr ko`rish garovi — parhez. Yog`li taomlardan qochib, ko`proq sabzavotlar, ko`katlar, ho`l mevalar iste`mol qiling. Stresdan saqlaning. Uzoq yashashning yana bir shartiga ko`ra, hech qachon jismoniy harakatdan erinmaslik kerak.

Farhod Esonov, O`zA
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli foydali maslahatlar / Kerakli maslahatlar | Добавил: Админ | Теги: Uzoq umr korishning siri nimada? | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar