Siz qanday kelinsiz? Qaynonalar uchun shpargalka! (Psixologik test)
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 | 8 |
a | 4 | 2 | 4 | 2 | 4 | 6 | 2 | 4 |
b | 8 | 6 | 6 | 4 | 2 | 4 | 4 | 2 |
v | 2 | 8 | 2 | 8 | 6 | 2 | 8 | 8 |
g | 6 | 4 | 8 | 6 | 8 | 8 | 6 | 6 |
1. Turmush o`rtog`ingizning oila a`zolari bilan munosabatingizni to`g`ri ta`riflovchi variantni belgilang:
a) Nimagadir ularni o`z oila a`zolarimdek qabul qila olmaganman;
b) Erimning yaqinlaridan tashqari amma-xola, amaki-tog`a va ularning farzandlari bilan ham bordi-keldini o`rniga qo`yaman;
v) Qaynonam jufti halolimning onasi, uning sihat-salomatligi, issiq-sovug`idan xabar olib turish vazifam;
g) Ochig`i, qaynota-qaynonamni o`z ota-onamdek yaxshi ko`raman.
2. Xalq orasida qaynonalar haqida aytiladigan gaplarga munosabatingiz:
a) «Shamol bo`lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi» degan naqlni eshitganmisiz...
b) Nazarimda, yomon qaynonalardan ham dolzarbroq mavzular bor. Yana, hammani teng ko`rish noto`g`ri;
v) Bo`lajak kelinlar buni ogohlantirish sifatida qabul qilganlari yaxshi, har bir gapning tagida biror asos bo`ladi;
g) «Pashshadan fil yasash»ga ustamiz-da!
3. Qaynonangizga sovg`a xarid qilish lozim. Bu vaziyatda sizning harakatingiz...
a) Atayin sovg`a olmayman, sochiq, idish-tovoq to`plami yoki shunga o`xshash biror buyum bemalol hadyaning o`rnini bosoladi;
b) Erimdan pul olaman. Qaynonam bilan bozorga tushib, o`zlariga yoqqan va kerakli narsa yoki libosni xarid qilamiz;
v) Men yaxshi kelinman, oyijonimdan bemaslahat ish qilmayman;
g) Didimga ishonaman, shu vaqtgacha pand bermagan.
4. Biror bir holatda qaynonagiz sizga ko`maklashmoqchi ekanini aytsa, siz nima qilasiz?
a) Sevinchim ichimga sig`may ketadi, har qalay ular mendan tajribaliroq;
b) Barcha ishlarni o`zim bajarishga o`rganganman. Atrofdagilarning menga aql o`rgatgani yoqmaydi;
v) Biz bir oilamiz, shunday ekan «bir yoqadan bosh chiqarib» ish qilamiz;
g) Qaynonajonimning ko`maklarisiz birorta ham ishim bitmaydi, men ham ularga har qanday yumushda madadkorman.
5. Oilada dilxiralikka sabab bo`luvchi voqea yuz berdi, shunda siz...
a) Hammasi iziga tushib ketguniga qadar indamay yuraman;
b) Men kelinman. Uzr so`rash hamda «yarash oshi»ni pishirish mening vazifam;
v) Bizning oilada bunday holatlar bo`lmaydi. Qo`limdan kelgancha, noqulay vaziyatlarni bartaraf etishga harakat qilaman;
g) Ayb menda bo`lmasa, umuman bu haqida o`ylamayman. Nima bo`lsa, bo`lar!
6. Sizningcha, oilangizda kim boshliq?
a) Bizda hamma teng huquqli! Barcha masalalarni erim bilan bamaslahat hal etamiz;
b) Har kim o`z shaxsiy hududi va hayotiga egalik qilishi tarafdoriman. Ayrim ishlarimga hatto erimni ham aralashtirmayman;
v) Shubhasiz, turmush o`rtog`im!
g) Erim bilan qaynonamga «Xo`p, xo`p!» deyman-u, o`z bilganimdan qolmayman.
7. Qaynonangizni qay bir ishi sizni ranjishingizga sabab bo`lishi mumkin?
a) Qaynotam, qayin-bo`yinlarim bilan meni muhokama qilishsa xafa bo`laman;
b) Erimga meni yomonlasalar...
v) Hamkasb yoki dugonalarimdan men haqimda so`rab-surishtirganida ko`nglim ozor chekkan bo`lardi;
g) Menga sovuq va befarq muomalada bo`lishlarini ko`tarolmayman...
8. Kimdir sizdan ma`lum bir ish yuzasidan maslahat so`radi. Ammo keyinchalik u baribir o`z bilganicha ish tutdi. Shunda siz...
a) Ahamiyat ham bermayman, har kim o`zi xohlagandek ish qiladi;
b) «Mening fikrim bu insonga bir tiyin ekanda» deb xafa bo`laman;
v) Qulay vaziyat paydo bo`lganda, «o`z bilganingdan qolmas ekansan, nega maslahatlashding?» deb nishimni suqib olaman;
g) Maslahat oshimiz qanday yakun topgani bilan qiziqaman.
16 dan 26 ballgacha
Tirishib-tirmashib qaynonangizni ko`nglini olishga harakat qilasiz. Bu ishingiz to`g`ri. Nega deganda yosh oilangiz butunlay eringizning ota-onasiga qaram-da! O`z uyingiz yo`q, ro`zg`or tebratishga etarli maosh ham olmaysiz. Sizga yoqsa-yoqmasa sabr va qanoat bilan yashashdan boshqa ilojingiz yo`q. Ammo zahringizni ham ichingizga yutmang, aks holda bir kun portlashingiz hech gap emas. Maslahatimiz, sixni ham, kabobni ham ko`ydirmaslikka harakat qiling. Siz, eringiz va farzandlaringiz bilan bog`liq masalalarda damba-dam o`z fikringizni aytib turing. Pazandalik, chaqqonlikdan tashqari, shaxs sifatida ham qaynonangizni hurmatini qozoning.
27 dan 40 ballgacha
Oilaviy ishlarga hech kimni aralashtirishni istamaysiz. Mustaqil bo`lishga intilasiz, hech bir jihatdan qaramlikni yoqtirmaysiz. Shu sababli qaynongizdan yordam so`ramaysiz, uni oilaviy muammolardan xoli tutasiz. Har qanday masalani o`zingiz hal etishga o`rgangansiz. Oilangiz er-xotin birgalikda tuzgan qoidalaringizga asoslanib yashaydi. Biroq chegaradan chiqib ketmang. Turmush o`rtog`ingizning ota-onasi o`g`lining hayoti, nabiralarining tarbiyasi bilan qiziqishga, hatto aralashishga ham haqli! Unutmang!
41 dan 54 ballgacha
Qaynonangiz bilan xuddi dugonalardeksiz. Mulohazali va aqlli ayol ekaningiz ham shunday ma`lum. Eringiz uchun qadrli ikki ayolning o`rtasida hech qanday kelishmovchilik yuzaga kelishiga yo`l qo`ymaysiz. Turmush o`rtog`ingizning voliadasini qanday xushnud etishni va o`z hududingizni dahlsiz saqlashni yaxshi bilasiz. O`g`lini sizga ishonib topshirgan ayol ham maqtovlarga loyiq. Kelinni yaxshi tanlabsiz, barakalla, Qaynonajon!
55 dan 64 ballgacha
Qaynonangizni bir ko`rishdayoq yoqtirmagansiz, tan oling. O`zingizcha eringizga qo`shib, bu keksa ayolni ham qayta tarbiyalashni maqsad qilgansiz-da. Maslahatimiz, xomtama bo`lmang! Ro`zg`oringiz, juftingiz bilan munosabatingiz, bolalaringiz tarbiyasini qaynonangizdan hadeb qizg`onavermang. O`zingizni xuddi siyosiy arboblardek hushmuomala tutishingizdan, yuqoridagi xislatlaringiz ko`zga tashlanmaydi. Qaynonani do`st bilsangiz, u sizga ko`p ishlarda ko`mak berishi shubhasiz!
Zilola UBAYDULLAEVA tayyorladi