Главная » Qiziqarli psixologik testlar / qiziqarli o'yinlar » Siz bilan suhbatlashish yoqimlimi? (Psixologik test)

Siz bilan suhbatlashish yoqimlimi? (Psixologik test)

Shunday kishilar borki, ular bilan bir marta gaplashsangiz, ko`nglingiz suhbatiga oshufta bo`lib qoladi, ohangrabodek o`ziga tortadi. Ayrimlar bilan esa bir necha daqiqalik uchrashuv ham zerikarlidan zerikarli o`tadi. Yana bir toifa borki, qachon gapi tugarkan, deya og`ziga qarab turasiz. Xullas, bu gal sizga taqdim etilayotgan test orqali o`zingizning qanday suhbatdosh ekanligingizni aniqlab olishingiz mumkin.

1. Suhbat jarayonida asosan qaysi roldasiz: tinglovchimi yoki so`zlovchi?

A. «Tinglovchiman. Bu bilan ham sirlarimni asrayman, ham ko`proq ma`lumotga ega bo`laman».

B. «Menga ko`proq gapirish yoqadi».

V. «Har doim har xil. Vaziyat, kayfiyat, suhbatdoshimning ko`nglim, dunyoqarashimga yaqinligiga qarab yo`l tutaman».

2. Aytaylik, umuman tanimagan begona kishi bilan safarda hamrohsiz. U bilan suhbatlashish uchun doim mavzu topa olasizmi?

A. «Kamdan-kam hollarda. Odatda o`zi gap boshlasa ham, suhbatni davom ettirib ketishim mushkul».

B. «Albatta, bu menga muammo emas! Notanish kishilar bilan gaplashish yana-da qiziq-ku!»

V. «Bu o`sha vaqtda yuz bergan voqea-hodisalardan ta`sirlanishimga bog`liq. Masalan, yomg`ir yog`ayotgan bo`lsa, shu mavzuda so`z ochishim mumkin».

3. Jon kuydirib nimadir haqida gapirayapsiz, ammo qarasangiz, sizni hech kim (u) tinglamayapti. Bundan jahlingiz chiqayotganini namoyon qilasizmi?

A. «Bunday vaziyatlarda asabiylashmayman».

B. «Kayfiyatimga bog`liq. Agar asab torlarim tortilib turgan bo`lsa va hamma uchun muhim gaplarni gapirayotgan bo`lsam, albatta, buni bildirib qo`yaman».

V. «Tez-tez shunaqa hol yuz beradi va men e`tiborsiz suhbatdoshimga kayfiyatimni oshkor etaman».

4. Atrofingizdagilarga maslahat berishni yaxshi ko`rasizmi?

A. «Ba`zan tajribam bilan o`rtoqlashganim yoqadi».

B. «Juda ham!»

V. «Yo`q, kimgadir aql o`rgatadigan odatim yo`q!»

5. Siz e`tiborli suhbatdoshmisiz?

A. «Shak-shubhasiz, ha!»

B. «Mening fe`limga bu ta`rif mos emas, nazarimda».

V. «Agar menga qiziq mavzuda gapirayotgan bo`lsa, o`sha odamni jon qulog`im bilan eshitaman».

6. Sizga yoqmayotgan, umuman qizig`i bo`lmagan mavzuda so`zlayotgan odamni gapirishdan to`xta olasizmi?

A. «Yo`q, beodoblik qilgan bo`laman-ku».

B. «Ha! Safsatalarni eshitishga bekorchi vaqtim yo`q mening».

V. «Bu suhbatdoshimning kimligi, men uchun qanchalik yaqin va ahamiyatli insonligiga bog`liq».

7. Sizga davralarda yoki ishxonada diqqat markazda bo`lish yoqadimi?

A. «Ha, agar bu holat kayfiyatimga hamohang bo`lsa».

B. «Yo`q, hammaning ko`zi va qulog`i menda bo`lganida o`zimni juda noqulay sezaman».

V. «Ha, e`tibordan kuch olib, o`zimni juda yaxshi his qilaman».

8. Siz ma`lumotga ega bo`lmagan mavzuda gapirayotgan kishini ham qo`llab-quvvatlaysizmi?

A. «Yo`q. Bilmagan narsalarim haqidagi fikrlarni jimgina eshita qolaman».

B. «Ha, axir yonib gapirayapti, nimadir deyishim kerak-ku!»

V. «Bu savolga javob berolmayman».

9. O`zingizni chuqur bilimga egadek his qiladigan davralaringiz bormi?

A. «Ha, ammo ko`p emas, 2-3 tanishimning yonida, xolos».

B. «Ha, ko`pchilik bilan suhbatlashganimda bunga amin bo`lganman».

V. «Yo`q».

10. Muhokama qilinayotgan har bir mavzuga fikringizni bildirasizmi?

A. «Albatta!».

B. «Yo`q, doim ham emas!»

V. «Hamma mavzuga qo`shilib, bo`lar-bo`lmasga gapirishni yoqtirmayman».

Javoblarni hisoblaymiz

№ 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10

A 2 0 0 2 2 0 1 0 1 2

B 0 2 1 0 0 2 0 2 2 1

V 1 1 2 1 1 1 2 1 0 0

Natijalar

17-20 ball: juda kirishimlisiz, ammo...

Ha, siz juda gapga chechan kishisiz. Ko`pchilik oldida, xoh ular qadrdon bo`lsin, xoh notanish, o`zingizni bemalol tutasiz. Til topishishga ham ustasiz. Siz bilan kishi zerikish nimaligini unutadi. Ba`zida bu yoqimli, biroq har doim emas. Gohida bir gapga tushsangiz, nuqtani unutib qo`yasiz. Ikkinchi tomonga gap bermasligingiz yaxshi odat emas. Bo`lmasa, so`zamolligingiz mahmadonlikka aylanib, odamlar sizdan qochishga joy qidirib qolishlari hech gapmas. Shuning uchun tinglashni, kezi kelganda sukut saqlashni o`rgansangiz, foydadan holi bo`lmaydi. Yana bir maslahat, bahs-munozaralarda kim doirani qattiq chalsa, o`shaning nog`orasiga o`ynab ketmang. Avval o`z fikringizga ega bo`ling, keyin uni bayon eting. Shundagina atrofdagilarda ijobiy taassurot qoldirasiz.

7-16 ball: e`tiborlisiz...

To`g`ri, sizni juda kirishimli sanab bo`lmaydi. Ammo suhbat odobi borasida ijobiy xislatlaringiz bor. Ayniqsa, suhbatdoshingizga iltifotli va e`tiborliligingiz, begona davralarda o`zingizni risoladagidek tutishingiz, har neni gap deb og`iz juftlamasligingiz tahsinga sazovar. To`g`ri, kayfiyatingiz yo`q bo`lsa, parinshonxotir bo`lishingiz yoki qovoqlaringizni uyub olishingiz mumkin. Buning uchun o`zingizni ayblamang, soxta mulozamat qo`lingizdan kelmaydi-da. Bitta ma`nisiz gapni aylantirib gapiraveradiganlarga nisbatan shunday qilishga ham majbur bo`lasan kishi. Agar biror yaqiningiz bilan bu holat yuz berayotgan, ya`ni uning gaplari yuragingizga sig`mayotgan bo`lsa, chiroyli qilib keyinroq bu mavzuga qaytishini iltimos qiling.

6-0 ball: kamgap va tortinchoqsiz...

Siz nafaqat notanishlar orasida, balkim yaqinlaringiz davrasida ham ko`pincha mum tishlab o`tirasiz. O`nta gapga bitta javob qaytarishingiz juda kamgap, kamsuqum va tortinchoqligingizdan darak. Bir o`ylab ko`ring, bular zaminida qo`rquv yotmaydimi? O`zingizga bo`lgan ishonchning juda pastligidan «hozir nimadir desam, menga ishonishadimi? Baribir, qabul qilishmaydi gapimni» degan hadigingiz bormi yo? Yoxud «och qornim, tinch qulog`im» qabilida har qanday vaziyatda ham tilingizni tishlab o`tiraverasizmi? Mana shu savollarga javob izlab ko`ring va zarurat tug`ilsa, mutaxassis bilan ishlang. Bo`lmasa, siz uchun qaror qabul qilashaverishadi. Tinglash, xo`p deyish yaxshi, o`z fikrini bildirish esa aslo odobsizlik emas.

Shoira VAFOEVA tayyorladi.



Новости «Siz bilan suhbatlashish yoqimlimi? (Psixologik test)»


Всего комментариев: 0
avatar
uCoz