Воскресенье, 24.06.2018, 02:28
Приветствую Вас, Гость
Главная » 2018 » Май » 30 » Sitora Farmonova nohaq tanqidlar, QVZdagi ishtiroki va orzuidagi rol haqida gapirdi
23:57
Sitora Farmonova nohaq tanqidlar, QVZdagi ishtiroki va orzuidagi rol haqida gapirdi

"Quvnoqlar va zukkolar klubi" (KVN) o`yinlari "Osiyo MIX" jamoasi ishtirokchisi, xonanda, go`zal aktrisa bilan "Kunutun" suhbat uyushtirdi. E`tiboringizga ushbu suhbatni havola etamiz.

— Hayotingizni san`at bilan bog`lashingizni qachon tushunib etgansiz?

— Yoshligimdan orzuim dizayner bo`lish edi. Bir kuni taniqli dizayner Valentin Yudashkinning bir gala konsertda o`z liboslar namoyishini o`tkazgani e`tiborimni tortgan. U paytda men bir- ikki marta filmlarda suratga tushib ulgurgan edim, lekin hayotimni san`at bilan bog`lash haqida jiddiy o`ylab ko`rmagandim. Shu namoyishni ko`rgach, «avval san`at orqali tanilib, so`ng o`z liboslar to`plamimni chiqarsam qanday bo`larkin» deb o`ylab qolganman.

— Maktabdan so`ng modeler dizaynerlik sohasi bo`yicha ta`lim olgansiz. Hozir ham liboslar yaratib turasizmi?
— Shu kungacha barcha oqshom liboslarimni o`zim tikkanman. Dizaynerlik faoliyatimni hech qachon to`xtatmaganman. Bu mening xobbim, bolaligimdan eng katta orzuim desam ham bo`ladi. Va men orzu qilishdan hech qachon to`xtamayman.

— Orzuingizdagi rol?
— Orzuimdagi rol «Zulmat» filmidagi Rani Mukxerdji yaratgan obraz. Ham zabonsiz, ham ko`zi ojiz, lekin uning hayotda intilishi, bu obrazni chiqarib berish katta mahorat talab qiladi. Shunday ampluadagi rol nasib qilsa mamnuniyat bilan ijro etgan bo`lar edim.

— Ko`pgina filmlarda suratga tushgansiz, qo`shiq ham kuylagansiz, QVZda ishtirok etdingiz. Qaysi biri sizga yaqinroq?
— Kamera qarshisida rol ijro etish menga qiziqroq. Har bir aktyor va aktrisalar rol ijro etganda ichidagi bor g`uborini chiqarib tashlaydi. QVZ ham aktyorlik mahoratini ko`rsatishga kiradi. Shundan kelib chiqib, aktyorlik mahorati menga yaqinroq desam to`g`ri bo`ladi.

— Hozirgi kunga kelib, shu rolni ijro etmasam bo`larkan degan fikr hayolingizdan o`tganmi?
— Shu kungacha ijro etgan rollarimdan xafa emasman. Chunki eng boshda ssenariyni o`qib, menga ajratilgan rolni anglab, o`zimni shu obrazda tasavvur qila olsam rozilik beraman. Yaqinda juda yaxshi ssenariy keldi, agar shu film ekran yuzini ko`rsa katta muvaffaqiyatga erishadi. Lekin menga ajratilgan rol yoqmaganligi tufayli rozi bo`lmadim. Men biror bir rolga rozilik berishdan avval o`zimni premerada tomoshabin o`rniga qo`yib ko`raman. Agar shu rolga rozi bo`lganimda, keyinchalik pushaymon bo`lishim aniq edi. Har qanday rolni ijro etishdan avval juda puxta o`ylab ko`raman. Shu sababli yaratgan obrazlarimdan hozircha pushaymon bo`lmaganman.

— Ijodingizda nima yangiliklar bor?
— Ancha vaqtdan beri yangi kartina suratga olish ishlari uchun tayyorgarlik ketmoqda. Tez kunda suratga olish jarayoni boshlanadi. Men shu kungacha ijro etgan obrazlarga umuman o`xshamaydi. Bu orzuimdagi roldan bir parcha desam ham bo`ladi. Sitora Farmonovani hali xalq bunaqa obrazda ko`rmagan.

— Aziya MIXdagi ishtirokingizdan taassurotlar bilan bo`lishsangiz.
— QVZ insonni o`ziga shunday jalb qiladi, keyin uning ta`siridan chiqish juda qiyin. Unda g`arazlik yo`q, quvnoq kayfiyat hukmron, barcha jamoalar katta bir oiladek, bir-biriga yordam berib, qo`llab-quvvatlab, shodlik va qayg`uni birga baham ko`radi. Albatta, har bir sohada bo`lgani kabi, bu erda ham o`ziga yarasha qiyinchiliklari mavjud, mashaqqatlari katta, lekin QVZ ichidagi hayot juda chiroyli.

— QVZga katta umidlar bilan qo`shilgansiz, lekin undagi ishtirokingizdan so`ng tanqidiy fikrlar yog`ildi. Sizga bu qanday ta`sir qildi?
— Ma`lum bir sayt noto`g`ri informasiya tarqatib, nomimni qoraga chiqardi. Maqola sarlavhasi «O`zbek millatini ustidan kulgani uchun lisenziyasidan mahrum bo`ldi» qabilida yozilgan edi. Vaholanki, men o`z xalqimni, millatimni ustidan aslo kulmaganman, kulmayman ham. QVZning har bir soni YouTube’da joylangan, men kerakli joylarga olib borib, buni isbotlab ham berdim. Mazkur sayt shov-shuvli sarlavha bilan o`ziga piar qilmoqchi bo`lgan, xalq esa biz san`atkorlarni ijro etgan rolimizga qarab baholaydi. Ming afsuski, xalq bu gap-so`zlarga ishondi. Tushkunlikka tushdim, lekin aynan QVZ meni shu tushkunlik holatidan chiqishimga ko`maklashdi.

— Siz kutmagan inson siz yomonlik qilganmi?
— Bo`lgan. Eng yaqin dugonam, hattoki bir nechta dugonalarimdan pand eganman. Chin dildan yaxshi ko`rib, eng yaxshi tilaklarni sog`ingan dugonam kutilmaganda hiyonat qilgan. Orada ko`p gap-so`zlar bo`lib o`tdi. U ham tuhmatga uchraganini, bunday ish qilmaganini aytgan. Lekin bir narsani aytishim kerak, men uni allaqachon kechirganman. Ushbu vaziyatni yuragimdan chiqarib tashlaganman. O`sha vaqtda juda katta zarba bo`lgan. Turmushga chiqishim kerak bo`lgan paytda, kuyov tarafning oilasiga meni yomonlagan. Allohga shukr, oradan bir oy o`tmay nomim oqlanib, o`sha qiz kimlarni orasida menga tuhmat qilgan bo`lsa, usha insonlar ichida uning yaqin dugonasi bor haqiqatni gapirib bergan. Tuhmat gaplarga ishonganlar kelib kechirim so`rashgan, shuning uchun bu vaziyatni qo`yib yuborganman. Inson kechirimli bo`lishi kerak.

— Pand egan insoningizga yana ishona olasizmi?
— Yo`q! Men endi ota-onam va Allohdan boshqasiga ishonmay qo`yganman.

— Doim qulog`ingiz ostida jaranglaydigan nasihat. Kim tomonidan aytilgan?
— Dadam har kuni bir nasihatni qaytaradilar: «Bolam, yulduzlik kasaliga chalinma. Odamlarga bo`lgan munosabating hech qachon o`zgarmasin».

— Sitora Farmonovani aktrisa sifatida tanilishida ko`maklashgan rol qaysi deb o`ylaysiz?
— «Maftuna» serialidagi Maftuna obrazi meni juda ham yaxshi tanitgan. Film rejissyori, rahmatli Nuriddin Qosimov meni kastingga chaqirganlarida, «Sitora, mana shu Maftuna obrazi sizni butun o`zbek xalqiga tanitadi», - degandilar. Ikkilangandim. Lekin, mana hozirgacha meni shu rolim orqali tanishadi. Ko`cha-ko`yda ko`rib, odamlar meni Maftuna deb atagan paytlari ham bo`ladi. Va yana, ahamiyat bergan bo`lsangiz, bu serial qayta-qayta efir yuzini ko`rmoqda.

— Mashhurlik siz uchun qanchalar muhim?
— Inson zoti qiziq mavjudot. Tanila boshlaganingizda, el nazariga tushib, mashhurlikni tatib ko`rganingizdan so`ng siz undan voz kecha olmay qolar ekansiz. Mashhurlik, xalqning e`tibori men uchun nafasdek muhim. Sal e`tibor kamayganini sezsam o`zimni havo etishmayotgandek his qila boshlayman.

alt

— Mashhur bo`lganingizdan afsuslangan vaqtingiz bo`lganmi?
— Ta`qiqqa tushgan paytimda u er bu erga borsam darrov odamlar pichirlab, g`iybat qilishga tushib ketishardi. Shu payt mashhur bo`lganimdan afsuslanganman.

— Mashhur bo`lish uchun tashqi go`zallik qanchalar muhim?
— San`atda tashqi ko`rinish eng muhim omillardan biri. Lekin iqtidor bo`lmasa, tarbiyangiz havas qilgudek bo`lmasa, bor go`zalligingiz ham ko`zga ko`rinmaydi.

— Go`zalligingizni qachon tushunib etgansiz?
— Bolaligimda bu haqda hech o`ylamaganman. O`ylashga vaqtim ham bo`lmas edi. Maktab davridanoq bir nechta chet tillarini o`rganishni boshlaganman. Arab, tojik, nemis, ingliz tillarini bilaman. Maktab davrida onam qanday kiyimni tayyorlasa kiyib ketaverganman. Sochimni mayda qilib o`rishsa ham hech qachon norozilik bildirmaganman. Shuni to`g`ri deb qabul qilganman. Balog`atga etgach atrofdagi dugonalarimga nazar solib, sochimni boshqacha turmaklashni, biroz pardoz qilishni boshlaganman.

— Insonlardagi qaysi xislatni ko`proq hurmat qilasiz?
— Samimiylik va oddiylikni. Kayfiyatim yo`q bo`lgan paytda oddiy, sodda dugonalarim bilan ko`rishsam, ularning samimiy suhbatidan kayfiyatim darrov ko`tariladi.

alt

— O`zingizni qanday insonlar qatoriga qo`shasiz?
—Juda ham pozitiv insonman. Hattoki do`stlarim “Sitora, hech yig`laysanmi o`zi?”, - deb so`rashadi.

— Ijtimoiy tarmoqlarning hayotingizdagi roli?
— Ijtimoiy tarmoq hozir aktyorlar va rejissyorlarning ishini juda engillashtirdi. Avval biror bir rolga tasdiqdan o`tish uchun sarson bo`lib, bir necha bor borib, kelib yurardik. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda muntazam ravishda suratlarimizni joylab boramiz va rejissyorlar usha suratlar orqali tipajimiz bo`lajak obrazga to`g`ri keladimi, yo`qmi biladilar. Ijtimoiy tarmoqdan ishim uchun foydalanaman.

— Bir kunda o`zingizga qancha vaqt sarflaysiz?
— Avvallari salonlarga borar edim. Ma`lum, salonga borsangiz uch-tort soat vaqtingiz ketadi. Lekin yoshim ulg`aygan sari, ota-onamning sochlariga oq oralagani, yuzlariga ajin tusha boshlaganini sezgach, usha vaqtni oilamga sarf qilishni boshladim. Sochimga niqob qilib, bemalol uy ishlari bilan band bo`lishim yoki yaqinlarim bilan suhbatlashishim, birgalikda film ko`rishimiz mumkin.

— Shaxsan taniydigan muxlislaringiz bormi?
— Juda ko`p muxlislarim bilan telegram orqali gaplashib turamiz. Men muxlislarim bilan gaplashganimda kayfiyatim ko`tariladi. Ularning men haqimdagi ijobiy fikrlari yanada ko`proq ishlashga undaydi.

— Muxlislarga tilaklaringiz.
— Avvalambor yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo`lishini tilayman. Qolaversa, barcha – barchaga oilaviy hotirjamlik, salomatlik va yaxshi kayfiyat hamroh bo`lishini tilab qolaman.
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli shou biznes yangiliklari | Добавил: Админ | Теги: Sitora Farmonova nohaq tanqidlar, QVZdagi ishtiroki va orzuidagi rol | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar