Воскресенье, 27.05.2018, 06:15
Приветствую Вас, Гость
Главная » 2018 » Май » 2 » Qulupnay mavsumini ochiq deb e`lon qilamiz!
20:53
Qulupnay mavsumini ochiq deb e`lon qilamiz!

Xaridga chog`lanishdan avval qulupnayning foydali va zararli xususiyatlari haqida bilib oling.

Bahorning ushbu erkatoy mevasiga ona tabiat bor mehrini bergan desak, adashmaymiz. Ko`plab vitaminlar, minerallar, makro va mikroelementlar bilan to`yingan qulupnay bejizga birinchi bo`lib etilmaydi axir. Yoqimli iforining o`zi yoki birgina ko`rinishi kayfiyatni ko`tarishiga ahamiyat berganmisiz? U nafaqat dasturxonimiz ko`rki yoki shirin desert, balki ko`plab kasalliklarga davo, profilaktika vositasi, ayollarning go`zallik va chiroyli qomatiga ijobiy ta`sir ko`rsatuvchi sehrli tayoqcha hamdir.

Tarkibini o`rganamiz!

Tarkibidagi retinol (A vitamini) yallig`lanishga qarshi kurashadi, terini mayinlashtiradi, ajinlarni tekislaydi va ko`rish qobiliyatini yaxshilaydi. Foliy kislotasi (B9 vitamini) ayollar reproduktiv salomatligiga ta`sir ko`rsatadi, homiladorlikni rejalashtirishda ahamiyati katta, axir bu vitamin bolaning asab tizimi shakllanishida ishtirok etadi. Askorbin kislotasi (C vitamini) esa qulupnayda limondan ham ko`proq miqdorda ekanligi isbotlangan, u immunitetni mustahkamlaydi, kayfiyatni ko`taradi, ortiqcha vazn muammosida yordam beradi. Terini namlantirishda esa kaliy va magniy moddalariga etadigani yo`q. Qolaversa, bu moddalar yurak faoliyatini yaxshilaydi, qon bosimini bir me`yorda ushlab turadi, organizmni kislorod bilan to`yintiradi. Kletchatka esa ichak harakatini yaxshilaydi, qabziyatni davolashda yordam beradi, organizmni ortiqcha tiqin va zararli moddalardan tozalaydi.

Homiladorlarga mumkinmi?

Homilador ayol allergiyaga moyil bo`lmasa, qulupnay unga koni foyda ekanligi haqida gapirdik. Ayniqsa, bu nozik pallada uchrab turadigan qabziyat muammosining oldini olishi ahamiyatli. Yana o`sha allergiya sabab pediatrlar yosh bolalarga qulupnay berishda shoshilmaslikni maslahat beradilar. Allergiyaga moyil bo`lmagan bolalarga 2 yoshdan ko`pi bilan kuniga 7–8 donadan (eng muvofiq miqdor esa bolaning kaftiga siqquncha) yaxshilab yuvib, yangiligiga ishonch xosil qilgan holda berishdir. Qulupnay 2 kundan so`ng eskirib qolishini inobatga olib qo`ying. Eski meva esa oshqozonda bijg`ish jarayonini boshlab, zaharlanishga olib keladi. Shunday ekan, ko`zlari munchog`ingizga bu mevani berishda e`tiborliroq bo`ling. O`zimizda etishtirilgan mahalliy navlar chetdan keltirilganlaridan ancha xavfsiz, kimyoviy moddalardan xoli, eng asosiysi, yangi va mazali ekanligini aytmasak hamyaxshi bilasiz, to`g`rimi?

Eng yaxshisini tanlang

Yaxshi qulupnay tanlash sizdan ozgina e`tibor va sezgirlikni talab qiladi. Supermarket va bozorlarimizdagi tanlovni ko`rib boshingiz aylanib qolmasin tag`in. Mehnatkash bobodehqonlarimiz etishtirgan qulupnaylarning bari sarxil va mazali, faqat uning yangiligiga, loy tegmaganiga ishonch hosil qiling. Yaxshi qulupnayni hididan taniysiz, qolaversa u o`zidan tiniq rangli sharbat chiqaradi.

Piling o`rnini bosadi

Qadimda hind malikalari undan yuz terisini oqartiruvchi vosita sifatida foydalanishgan bo`lishsa, rimlik go`zallar tishni oqartirish va sochga jilo bag`ishlashda qo`llashgan. Tarkibidagi kislgotalar sabab qulupnay ajoyib piling hisoblanadi. Ayniqsa, turli dog`larni bartaraf etishda uning oldiga tushadigani kam uchraydi. Oqartiruvchi niqobni tayyorlash uchun 3–4 dona qulupnayni yaxshilab ezib, 1 choy qoshiq smetana yoki qatiqdan aralashtirib, yuz terisiga surting. 15 daqiqadan so`ng iliq suv bilan yuvib tashlang. So`ngra namlantiruvchi kremdan foydalanish yoddan chiqmasin.

Zilola PO`LATOVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli foydali maslahatlar / Kerakli maslahatlar | Добавил: Админ | Теги: Qulupnay mavsumini ochiq deb elon q | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar