Понедельник, 10.12.2018, 15:59
Приветствую Вас, Гость
Главная » 2018 » Май » 30 » «Otamning vafotidan so`ng vahimaga tushib qoldim...»
00:00
«Otamning vafotidan so`ng vahimaga tushib qoldim...»

— Bundan uch yil oldin otam hayotdan ko`z yumdi. Shu voqeadan keyin yaqinlarimdan kimningdir tobi qochsa, undan ayrilib qoladigandek his qilaman o`zimni. Nega shunday, bilmayman. O`zimni qo`lga olishga harakat qilganim sayin yanada ko`proq vahima bosadi. Juda qiynalib ketdim, dugonalarim kabi o`ynab-kulib yashashni istayman, ammo qo`rquvni engolmayapman...»

Savol «SMS» orqali kelgan.

Tahririyatimizga bo`lgan murojaat bizni qo`rquvlar haqida so`z ochishga undadi. Tanlagan mavzumiz chindanam jiddiy, ammo chorasi bor ekan. Bugun shu haqida.

Mutaxassis — Nargiz SATTAROVA, ruhshunos

Qo`rquv va fobiya, qanday farqi bor?

Qo`rquv insonlarga in`om etilgan to`rt asosiy hissiyotlardan biri hisoblanadi. Va u orqali biz qaysidir ma`noda jon saqlaymiz. Qo`rquv kurashish yoki himoyalanishga undaydi.

Ushbu hissiyotning mexanizmi juda oddiy, siz biror xavf-xatarni sezgan zahotingiz miyada hosil bo`lgan buyruq orqali qonda adrenalin miqdori ko`tariladi. Yurak urishi tezlashadi, arterial qon bosimi o`zgaradi va mana shu jarayonlar tezkorlikda harakatlanishga undaydi. Siz yo xujumga o`tasiz, yoki qocha boshlaysiz.

Har qanday hissiyot energiya talab qiladi va u tashqariga chiqarilishi lozim. Bordi-yu buning aksi bo`lsa, salbiy quvvat ichingizda yig`iladi va boshqacha ko`rinish oladi. Biz uni fobiya deb ataymiz.

Psixologiyada qo`rquvlar ikkiga ajratiladi, real va nevrotik (yoki fobiya). Real qo`rquv xavfli vaziyat yuzaga kelish oldidan belgi sifatida paydo bo`ladi. Nevrotik yoki fobiyalar esa ruhiy muvozanatning buzilishi asoratidir. Bunda siz haqiqatan ham og`riqli hislarni tuyasiz va sizni qattiq vahimaga soladigan voqea-hodisaga duch kelishdan qo`rqib yashaysiz. Bu go`yoki miyangizdagi tizimlashgan dastur, ammo uning muallifi o`zingizsiz.

Negizi qaerda?

Barcha hissiyotlar zamirida mustahkam o`rnashgan asos bor. Qo`rquv, nafrat, alamzadalik, norozilik — hech biri o`z-o`zidan yuzaga kelmaydi. Ehtimol bolalikda unut bo`lgan voqea ong ostida qattiq ta`sirlanishni keltirib chiqargan-u, siz bundan bexabardirsiz. Ulg`ayganingizda o`sha hodisaga o`xshash biror holatga to`qnash kelinsa, ong ostidagi axborot qo`zg`aladi. Masalan, bolaligingizda suv to`ldirilgan vannaga sirpanib ketgansiz. To`g`ri, keyinchalik bu voqea unut bo`ladi. Ammo adekvat fikrlay boshlash qobiliyatingiz nomoyon bo`lgan davrda bir necha soniya suv tagida qolib ketsangiz yoki sho`ng`iganingizda havo etishmagandek bo`lsa, bolalikdagi qo`rquv jonlanadi.

Yana bir misol, bir paytlari maktab sinfxonasida qulflanib qolgansiz va bir necha daqiqa hech kim bu haqida bilmagan. Oradan yillar o`tdi, ishga joylashdingiz va tasodifiy kunlarning birida xona eshigining qulfi buzildi. Muammoni bartaraf etgunlariga qadar sizda vahima hissi paydo bo`lishi mumkin va u bolalik (yoki o`smirlik)dagi hissiyotlarni ham uyg`otadi. Sodir bo`lgan hodisa aslida qo`rqinchli emas, ammo negadir vahima hissini paydo qilaveradi. Negaligini angladingizmi? Asosi bor-da, sababi ham shu.

Kichiklikdagi qo`rquv yillar davomida tarqaladi. Ammo inson adekvat fikrlay boshlaganidan so`ng yuzaga kelgani fobiyaga aylanishi mumkin.

Xavf yaqinlashmoqda!

Yurak urishining tezlashishi;
ter ajralishining ortishi;
titroq;
og`iz quruqlashishi;
nafas siqilishi;
bo`g`ilib qolayotgandek hissiyotning yuzaga kelishi;
ko`krak qafasida og`riq;
ko`ngil aynishi;
qorin sohasidagi yoqimsizlik;
bosh aylanishi, hushdan ketish;
qizib ketish yoki muzlab qolish;
qo`l-oyoq uvishishi fobiya belgilaridir. Biror voqea-hodisa, ob`ekt yoki insonlar haqida so`z borganida yuqorida sanab o`tilgan alomatlardan biri kuzatilsa, bilingki, sizdagi qo`rquv ich-ichingizga joylashib ulgurgan va u fobiya ko`rinishini olgan.

Nasl surishi ham mumkin!

Har qanday qo`rquv va fobiya o`z vaqtida bartaraf etilmasa, tobora kattalashib, chuqurlashib borilaveradi. Evaziga esa xotirjamlik, salomatlik, baxt, omad, turmush boy berilishi mumkin.

Omadsizlik, pulsiz qolib ketish, o`lim, xastalanish, erkinlikni yo`qotish, atrofdagilarning munosabati, gap-so`zlardan qo`rqish — mazkur hodisalarning genetik tahlili mavjud. Agar ajdodlaringdan kimdir katta miqdordagi mablag`ini boy bergan bo`lsa, genetik zanjir orqali ana shu tuyg`u sizga etib kelishi va siz pulsiz qolib ketishdan qo`rqib qolishingiz mumkin. Shunday vaziyatlar ham bo`ladi, ayol o`g`il farzandlarining hayotidan xavotirda yashaydi. Qizlaridan esa ko`ngli to`q. Buning izohi ham avloddan avlodga o`tib kelayotgan ma`lumotlar zanjiri bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Yoki ayol voyaga etgan oilada o`g`il farzand nobud bo`lgach, unda ana shu holatning takrorlanishidan qo`rquv hissi yuzaga kelgan.

«Gap-so`zlarni ko`tara olmayman!»

Bu ham qo`rquv demoqchi bo`lsangiz, adashasiz! Atrofdigalarning munosabatlaridan xavotirlanish o`ziga nisbatan ishonchning pastligi, xolos. Bunday kishilar boshqalarning fikri bilan yashashni ma`qul ko`rishadi, vaholanki buning aksi bo`lishi ham mumkin.

«Yolg`iz qolib ketsam-chi?»

Aksariyat ayollarni o`ylantirgan, qo`rqitgan mavzu. Xo`sh, buning ildizi ham bolalikka borib taqaladimi? Ha! Ona farzandiga etarlicha e`tibor ajrata olmagan, bola o`z bilganicha katta bo`lavergan, ko`pincha buvi yo aka-opalari bilan qolgan. Maktab yoshiga etganida esa uyda bir o`zi qolishi ham mumkin edi. Avvaliga yolg`izlikka ko`nikish paydo bo`ladi, keyinchalik mustaqil hayotga qadam qo`yganida esa bir o`zi qolib ketishdan qo`rqa boshlaydi. «Kerak emas bo`lib qolsam-chi?» «Tashlab ketsa, nima qilaman?» «Yana bir o`zim qolamanmi?». Qizaloq ulg`ayadi, o`spirinlik davriga qadam qo`yadi, so`ng ayollik dunyosiga kiradi va ong ostida o`rnashib qolgan yolg`izlik tushunchasi tashqariga chiqadi. Aslida, bu juda eski axborot, ammo u yangi hayotga ham osongina dahl qilishi mumkin.

Eng asosiysi...

Mutaxassislar fikricha, inson dunyoga kelayotganida uning hujayralarida ilk bor o`lim haqidagi axborot yoziladi. Hayotdan ko`z yumish qo`rquvi hamisha ham kasalliklarga bog`liq bo`lavermaydi. Kimdir o`z kelajagini ko`ra olmaydi va tushkunlikka tushadi. Boshqalarga esa tafakkur qilolmasligi pand beradi. Ya`ni inson keyingi hayoti qanday bo`lishini tasavvur qila olmaganida o`lim vahimasi yuzaga kela boshlaydi. Bordi-yu, ayni shu kayfiyat kuzatilganida biror kimning vafot etgani to`g`risida xabar kelsa, o`lim qo`rquvi yanada kuchayadi.

Eshik qaerda?

Tasavvur qiling, kaftingizdan nur taralayapti. Ana shu nurni qarshingizda turgan qo`rquv ob`ektiga yo`naltirgansiz, ya`ni unga bor quvvatingizni sarflayapsiz. Sizningcha, natija qanday yakun topadi? Sizdagi quvvat uni voqelikka ko`chiradi. Qo`rqqaningizni o`zingiz hayotingizga tortib olasiz. Ongsiz ravishda bajarsangiz-da, bu haqda o`ylaysiz, tasavvur qilasiz va uni turmushingizga olib kirasiz. «Ishqilib kasal bo`lib qolmay», «Ishimdan bo`shatishmasin-da» deya siz mavhum narsaning ro`yobga chiqishiga zamin yaratasiz. Negaki, siz miyangizga axborot berayapsiz: «Kasal bo`lib qolmay» degani «Kasal bo`laman», «Ishdan bo`shatishmasin» «Ishsiz qolaman» deganidir.

Qo`rquvdan qochib bo`lmaydi, uning ichiga kirish kerak. Ammo bu juda xavfli tajriba va uni faqat mutaxassis nazoratida bajarish lozim.

Siz biror nimadan qo`rqasiz, bu esa tanangizni zo`riqishda ushlab turadi. Qaysidir bir a`zo ishdan chiqishi ham hech gap emas, asosiysi, ichki hotirjamlikni yo`qotasiz. Qo`rquvni qo`yib yuborganingizda esa o`z-o`zidan bilagingiz kuchga to`lib, tetiklashasiz. Chunki ruhiyatingizda taranglik yo`q, engilsiz.

Noadekvat qo`rquv yo`q narsa, agar uni o`zingiz chizib, hayotga ko`chirmasangiz. Hatto ruhiy shikastlanish asorati bo`lsa ham, qo`rquvni engish mumkin. Bunda sizga psixonevrolog, psixolog mutaxassislar yordam berishadi. Muhimi, osoyishta yashashingizga xalaqit berayotgan zirapchani barmoqdan yulib tashlash istagiga hafsala qilinsa bas.

Samira ULUG`BEKOVA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli Fikr mulohazalar / Qiziqarli maqolalar | Добавил: Админ | Теги: «Otamning vafotidan song vahimaga t | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar