Понедельник, 10.12.2018, 16:03
Приветствую Вас, Гость
Главная » 2018 » Май » 30 » O'rik – shifokor, kosmetolog, vitaminlar zahirasi!
00:03
O'rik – shifokor, kosmetolog, vitaminlar zahirasi!

Mavsumiy mevalar g`arq pishadigan pallaga ham etib keldik! Mazasi tilni yoradigan o`rik eyapsizmi? Ochlik xissidan xalos etuvchi, ko`p miqdorda vitamin va mikroelementlarni o`zida mujassam qilgan, kattayu kichikka birdek foydali o`rik, nafaqat salomatlik, balki go`zallik borasida ham ayni muddaodir. Bugun o`rik haqida suhbatlashamiz!

Rekord haqida eshitganmisiz?

Bir dona o`rikda: ko`rish qobiliyati, teri, soch, tish ko`rinishini yaxshilovchi A vitamini, xotira va moddalar almashinuvini rag`batlantiruvchi V2 vitamini, artrit va tomir tortishishidan xalos bo`lishga yordam beruvchi V5 vitamini, shuningdek mashhur V9, ya`ni foliy kislotasi, immunitetni chiniqtiruvchi S vitamini, sizni hamisha yosh va maftunkor ko`rsatuvchi E vitamini mavjud. Ushbu meva kaliy, kalsiy, magniy va fosfor minerallariga ham boy sanaladi. Ta`mi qanday shirin bo`lishiga qaramay 100 gr o`rikda 44 kilokaloriyagina mavjud. Ya`ni o`rik oson o`zlashtiriluvchi uglevodli parhezbop mevadir. Qomatim demasdan, maza qilib o`rikxo`rlik qilavering.

Kimlarga qanday ta`sir qiladi?

O`rik tarkibidagi karotin moddasi nafaqat yurak kasalliklarini davolaydi, balki erkaklik salomatligi uchun ham foydalidir. Ayollarga esa go`zallik borasida asqatadi. Teringiz tarang va ajinlar holi bo`lishini istasangiz, o`rik sharbatini kanda qilmang. Danagidan tayyorlangan efir moyini esa teridagi xusnbuzar va toshmalar ustiga surtsangiz osongina halos bo`lasiz.

Sarvqomat bo`laman desangiz...

Ochlik xissini bartaraf etish bo`yicha o`rikka teng keladigani yo`q. Ammo qorinni to`q tutar ekan deya, me`yorni unutib qo`ymang-a... Shirin ta`miga asir bo`lsangiz, oshqozoningiz qiynalib qoladi-ya. Och qoringa ham emang, ovqatlanib bo`lgach, desert, pirojniy va shirinliklar o`rniga o`rik qoqidan 5-6 ta eb olsangiz kifoya.

Kimlarga mumkin emas?

Tarkibida shakar moddasi ko`p bo`lganligi tufayli qand kasalligi bilan og`riganlar oz miqdorda o`rik eyishlari lozim. Qand miqdori yuqorilaganda esa umuman cheklagan durust. Pankreatit kasalligida esa bir kunda bir marta, 2 dona eyish kifoya. Xastalik xuruj qilganida o`rik qoqisigagina ruxsat bor.

Niqob tayyorlaymizmi?

Mevani po`stidan ajratib, bo`tqa ko`rinishiga keltiring. Aralashmani tozalangan yuz terisiga surting-da, 5 daqiqadan so`ng iliq suvda yuvib tashlang. Niqobdan so`ng yuzga krem surtish shart emas, muolajani har ikki kunda takrorlab tursangiz yuzingiz vitaminlarga to`yinib, yarqiray boshlaydi.

Yog`li yuzlar uchun o`rik bo`tqasiga 3 osh qoshiq kefir aralashtirish va 20 daqiqaga yuzga surtib qo`yish tavsiya etiladi.

Darvoqe, o`rik sharbatidan ham go`zallik muolajasi o`rnida foydalanish mumkin. Buning uchun ikki qavat dokani meva sharbatida xo`llab, yuzingizga qo`ying. Doka quriguncha uni yuzda ushlab turing, so`ng yana xo`llang-da, muolajani takrorlang. 3 martadan so`ng yuzni quruq paxta bilan artib oling.

Quruq yuzli xonimlarga esa o`rik bo`tqasi va tvorogni teng miqdorda aralashtirib, niqob o`rnida qo`llash maslahat beriladi.

Mevasini eng-u, danagini...

Dorixonadan o`rik danagidan tayyorlanganmoyni sotib oling-da shampun idishiga 2-3 tomchi aralashtirib qo`ying. Yangicha tarkibli shampun sochlarni yumshoq, mayin va mustahkam ko`rinishga keltiradi.

Tush ta`biriga nima deysiz?

Ajoyib kunlarning birida tush ko`rdingiz, gullagan o`rik daraxti! Aytishlaricha, bunday tush ta`biri hayotingizda ijobiy o`zgarishlar yuz berishi, sahiy insonlar bilan uchrashish va ko`ngil hotirjamligiga erishishingizga ishora ekan. Agar hosilga kirgan o`rik daraxti mevasidan totib ko`rayotganingiz tush ko`rilsa, moliyaviy ahvolingiz yaxshilanishidan darak bo`ladi. «Eh, har kuni o`rik daraxtini tush ko`rsam edi» deysizmi? Aytganingizdek bo`lsin!

Anora G`ULOMOVA tayyorladi.
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli foydali maslahatlar / Kerakli maslahatlar | Добавил: Админ | Теги: kosmetolog, vitaminlar zahirasi!, O'rik – shifokor | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar