Понедельник, 10.12.2018, 16:25
Приветствую Вас, Гость
Главная » 2018 » Май » 9 » Dugonam mendan chiroyli, omadli va baxtli...
16:47
Dugonam mendan chiroyli, omadli va baxtli...

Ko`pchiligimizga o`zni atrofdagilar bilan solishtirish odati begona emas. Bugungi mavzumiz o`zini dugonalari, mashhur yulduzlar — xullas, boshqalar bilan qiyoslaydigan qizlar haqida. Ruhshunos Shahnoza XALILOVAning fikrlari va tavsiyalariga «kundaligingiz»dan alohida joy ajratsangiz, foydadan xoli bo`lmaydi, dugonajonlar.

Siz yagonasiz!

Faylasuf Oshoning «Inson o`zini boshqa birovga solishtirishi borib turgan ahmoqlikdir. Tasavvur qiling, siz o`zingizni qushlar bilan solishtirayapsiz, ular nega uchadi, mening esa qanotlarim yo`q deya...» degan fikri bor.

Fikrimizni isbotlash uchun, yana bir iborani keltirib o`tishni joiz deb topdik — «Naqshni ayblagan naqqoshni ayblagandir».

Har birimiz indivudal insonmiz, bir-birimizni takrorlamaymiz. Qosh-u ko`zimiz o`xshab ketishi mumkin, ammo aynan emas. Barmoq izlarimiz ham takrorlanmas-ku! Hatto ko`kdan erga yog`iluvchi qor parchalari ham biri ikkinchisiga o`xshamas ekan. Biz ham alohida-alohida san`at asarimiz, nusxamiz yo`q! Kimgadir o`xshashga ham majbur emasmiz!

Muammoning ildizi...

...oilaga, bolalikka borib taqaladi. Bolalar hasad tuyg`usi bilan tug`ilmaydi. Ular singlisining qo`g`irchog`ini ushlab, «Nega menda yo`q, unda bor» deya yig`lashlari mumkin. Ammo bu xarxasha, xolos. Solishtirish ta`lim-tarbiyada noto`g`ri usulni qo`llash orqali ongimizga singadi. «Nega opangga o`xshamaysan?» «Nima uchun falonchi dugonangdek yaxshi o`qimaysan?» kabi tanbehlar bilan bolani qiynashadi. Yanayam aniqrog` aytadigan bo`lsak, insonning o`zini boshqalar bilan solishtirishiga ikki omil zamin yaratadi.

Birinchisi, ota-onaning, kattalarning bolani boshqalar bilan taqqoslashi.
Ikkinchisi, ota-ona, kattalarning unga bo`lgan noto`g`ri munosabati ta`sirida o`ylab topilgan g`oyalar — «Demak, opam yaxshi, chiroyli, shunga uni ko`proq yaxshi ko`rishadi».
Hayot poyga emas!

«Dilnura sinfdoshim o`qishga kirdi, men esa omadsizman», «Shahzoda juda chiroyli, shu sabab uni yigiti tashlab ketmaydi...» kabi o`ylar bilan faqat hayotingizni qiyinlashtirasiz. Taqqoslash natijasida yuzaga kelgan poyganing oxiri yo`q. Siz kim bilandir musobaqalashib ko`zlagan maqsadga erishganingiz bilan, natijasidan lazzat olmaysiz. Chunki o`zingizni solishtirgan kishingiz allaqachon yangi marralarni zabt etib, yana sizdan o`zib ketgan bo`lishi mumkin. Qolaversa, o`zingiz emas, boshqa birov istagan yutuqni qo`lga kiritganingiz uchun uning zavqini tuymaysiz. Bir umr yolg`on maqsadlar bilan yashab o`tish fojea. O`zligingizni yo`qotib hech narsa topmaysiz. Unutmang, hayot baxt uchun berilgan, kim bilandir musobaqalashish uchunmas!

«U chiroyli, men xunukman...»

Qizlarjonlar, tashqi go`zallik yo`q narsa, uning standartlari(qaddi-qomat, tashqi ko`rinishga qo`yilgan talablar) ham yo`q. Faqat bizning go`zallikni ko`radigan ko`zimiz, unga bildiradigan munosabatimiz bor. Inson o`zini boricha qabul qilib, seva olmas ekan, ozishning ming bir usulini qo`llab, go`zallikning eng qimmat muolajalariga murojaat qilmasin, go`zal degan tasnifga loyiq bo`lishi dushvor. Nuqul tashqi ko`rinishingizni dunyoga mashhur aktrisa yoki yoningizdagi dugonangiz bilan qiyoslab, «Ko`zim xunuk, qomatim rasomas» deyaverganingiz bilan chiroyingiz ochilib qolmaydi. Hatto bir qarashda hurliqo qizlar borki, ularga yaqinlashgach, go`zalligidan asar ham qolmaydi. Sababi ular o`zlarini chiroyli sanamaydilar, tashqi ko`rinishidan qoniqmaydilar ham. Shunday ekan, avvalo o`zimizni borimizcha qabul qilib, tabiat in`om etgan go`zalligimizni qadrlashimiz darkor.

Solishtiring, ammo...

O`zingizni birovlar bilan taqqoslash, bu — o`zingizga nisbatan hurmatsizlikdir. Agar ichingizda hasad bosh ko`taraversa, mutaxassis bilan ishlang. «Men hasadgo`yman» deya o`zni qoralab, qiynash emas, shu tuyg`uning borligini tan olib, u bilan to`g`ri munosabat qilishni o`rganish muhim. Zarurat tug`ilganida o`zingizni o`zingiz bilan solshtiring. Bir kun oldin qanaqa edingiz, bir yil avval-chi? Besh yil avvalgi qiyofangiz, yutuqlaringiz qanaqa edi? Nimalarga erishdingiz, nimalar o`zgardi? Mana bu usul sizni qiynayotgan muammolardan xalos bo`lishingizda yordam beradi. Boshqalarning solishtirishini ham e`tiborga olmang. Yana bir gap, siz o`zingizni kim bilandir taqqoslamasangiz, atrofingizdagilar ham sizni o`zgalar bilan qiyoslashmaydi.

Unutmang, siz yagona va betakrorsiz!

DUGONANGIZ
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli Fikr mulohazalar / Qiziqarli maqolalar | Добавил: Админ | Теги: omadli va baxtli..., Dugonam mendan chiroyli | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar