Понедельник, 28.05.2018, 13:13
Приветствую Вас, Гость
Главная » 2018 » Май » 2 » Beklar nimalardan qo`rqishadi?
20:53
Beklar nimalardan qo`rqishadi?

Erkak va qo`rquv bir-biriga umuman zid tushunchalar, deb o`ylaymiz. Ammo faqat ahmoqlargina hech narsadan qo`rqishmaydi. Quyida sanaydiganimiz erkaklarga xos qo`rquvlar ustida, ular xoh jiddiy bo`lsin, xoh kulguli, yaxshigina mulohaza yuritib ko`rish kerak. Chunki yoningizdagi inson — umr yo`ldoshingizning xatti-harakatlari ko`pincha ana shu qo`rquvlar bilan izohlanadi. Demak, suyangan tog`larimizning yashirin qo`rquvlarini o`rganamiz.

Bo`ysunishni istashmaydi!

Erkak borki, lider bo`lgisi keladi: oilada, do`stlari davrasida, ishxonada ham. Bu ularni harakatga keltiruvchi kuch. Erkak doim ustun bo`lishi kerak, bo`ysunmasligi lozim, ayniqsa, ayol kishiga. Mayli, bo`ysunmasinlar, ayollar ham kuchli bir erkak himoyasida bo`lishni istaydilar va shu tufayli bu ikki jins bir-birini to`ldiradi. Lekin hayotda hamma narsa bo`lishi mumkin: ba`zida ishxonada boshliq ayol bo`lib qolishi yoki xotini yaxshi lavozimga o`tirib eridan ko`proq pul topa boshlashi mumkin. Ana shunday o`rinlarda muammo yuzaga keladi. Na yaxshi maosh, na doimiy ish o`rni, na oila farovonligi erkaklarning bu qo`rquviga bas kela olmaydi. Ular injiq, jizzaki, kajbahs bo`lib qoladilar. Shunday vaziyatlarda ayollarning egiluvchan ruhiyati va farosati kerak: ularni tushuning, qo`llang, kechiring. Vaqt o`tishi bilan yo ko`nikadilar, yo o`zlari boshqa yaxshiroq ish topadilar.

Hammamiz keksayamiz...

Bu qo`rquv sabab ancha-muncha taloto`plar bo`ladi. O`rta yosh inqirozi deyishadi buni ruhshunoslar. Yoshi qirq bilan ellikning o`rtasiga borganda erkak o`zining qariyotganini anglab qoladi va vahimaga tushadi. Ayniqsa, bu yoshga kelib ishda, moddiy ahvolda biror marrani zabt etmagan, ko`zga ko`rinarli natijaga erishmagan erkaklarda bu hol ko`proq kuzatiladi. Ishxonasiga yaqinda kelgan yosh, aqlli, zamonaviy texnologiyalarga tishi o`tadigan avlod oldida bir ezilsa, oilada farzandlar tashvishining ortishi, jinsiy munosabatlarning siyraklashuvidan yana bir siqiladilar. Natijada isyon qila boshlaydilar: yana bo`lar-bo`lmasga janjallar, chetga yurish, hatto ajrashishlar ro`y berishi mumkin. Ayollar «erkakcha klimaks» deb nomlanadigan ushbu davrga avvaldan tayyorlanib borishlari, o`sha payt kelganida esa sabrli bo`lishlari darkor. Erkakka kuch beradigan, uning o`ziga nisbatan bahosini oshiradigan — xotini. U sizning ko`zingiz bilan o`ziga baho beradi. Demak, u siz uchun olamning markazi, dunyodagi eng zo`r, navqiron erkak, supermen bo`lishi kerak. Har holda, unda shunday kayfiyat uyg`otib bera olsangiz, marra sizniki.

Nozik munosabatlar...

Aynan shu qo`rquv erkak psixologiyasiga jiddiy zarba etkazadi. Bu paytda eng katta yordam do`stlardan emas (chunki, har qanday holda ham uchinchi bir odamning bundan xabardor bo`lishini istashmaydi), aynan sizdan bo`lmog`i kerak. Siz uni sevishingizni, u dunyodagi eng mard va polvon erkak ekanini, hali hammasi oldinda va sizda sabr keragidan ham ortiqligini bildiring. Aslo uyalish, o`zni chetga olish, bilmaganga solish, befarqlik va hokazo sabablar bilan erkakni o`z dardi iskanjasida qoldirmang.

Tashlab ketishingizdan vahimada!

Endi yigitlar haqida ham ikki og`iz gapirsak. Ma`lumki, erkaklar juda g`ururli bo`lishadi. Har doim oxirgi so`zni u aytishi kerak, vaziyatni u boshqarishi lozim, zarur bo`lsa, munosabatlarni ham o`zi boshlab, o`zi tugatishi darkor. Mabodo biror qiz ma`lum muddat uchrashib yurgach, yigit bilan munosabatlarni to`xtatishni istab qolsa, buni ular o`z oriyatlari uchun katta zarba sifatida qabul qiladilar. Ularni yo`qotayotgan muhabbatlari, shu munosabatlarga sarflagan va endi uvol ketayotgan hisssiyotlariyu vaqtlaridan ham ko`ra ko`proq toptalgan g`ururi tashvishlantiradi. Buni hazm qila olmaydilar. Shu sababli ko`p yigitlar qizlarni birinchi tashlab ketishni istaydilar, muammo chiqsa, darrov aloqalarni uzish payida bo`ladilar. Bunday erkak bilan oila qurish qiyin, ammo yaxshi inson bo`lsa, voz kechishga ko`zingiz qiymasa, yo`lini topsa bo`ladi. Avvaldan kelishib oling, muammo chiqsa, siz ham, u ham hech qaerga ketmaysizlar, bir-biringizni tashlamaysizlar, balki gaplashib, hamasini hal qilib olarsizlar. Arazlar, tashlab ketaman deb qo`rqitishlar bunday erkak bilan teskari natija beradi, u qanchalik sevmasin, o`z g`ururidan kecholmaydi, sizdan kechishi osonroq.

Ideal ayolni topolmaslik kompleksi...

Bunday yigitlar uylanguncha ko`p qizlar bilan gaplashadilar, uylangach ham jufti halollaridan ko`ngillari to`lmaydi, yana kimnidir izlaydilar, balki bir necha marta ajrashib uylanishlari ham mumkin. Xullas, ular uchun ayolning o`zi emas, uni izlash muhimroq. Shu sababli eng chiroyli, eng aqlli, eng pazanda, xullas, eng, eng, eng ayoldan ham ayb topadilar. Axir izlamay qo`ysalar bo`lmaydi, yashay olmaydilar-da. Agar chekingizga shunday erkak tushgan bo`lsa, to o`zi ideal inson bo`lmasligini tushunib etmaguncha sabr qilasiz.

Sochi to`kila boshladimi?

Bryus Uillis, Zayniddin Zidan... Bu nomlarni eshitsak, ko`z oldimizga yoqimli, sevimli va mashhur yulduzlar keladi. Ularni birlashtirib turadigan yana bir jihat bor – sochsiz boshlari. Albatta, buni moda, imij, yana allambalo zamonaviy so`zlar bilan atash mumkin, biroq asl sabab bitta — ularning sochlari bemavrid to`kila boshlagan. Va buni yashirish uchun birato`lasiga qirdirib tashlay qolishgan. Er yigit uchun tashqi ko`rinish emas, ma`naviy jihatlar muhim degan gap qanchalik ko`p takrorlanmasin, erkaklar kal bo`lishdan qo`rqishadi, bu — fakt! Shuning uchun o`sha mashhur «Kelinlar qo`zg`aloni» filmidagi katta o`g`il ham boshiga birnimalarni surkab xotinining muhabbatini qayta qozonmoqchi bo`ladi. Agar yoringizning sochi to`kilayotgan bo`lsa, uni tinchlantirish uchun bir faktni aytsangiz kifoya: olimlarning aniqlashlaricha, erkaklarda soch to`kilishiga qonda erkak gormoni — testosteron miqdorining ortib ketishi sabab bo`lar ekan. Albatta, soch to`kilishining boshqa sabablari ham ko`p (masalan, ovqat hazm qilish tizimi kasalliklari). Lekin bu jiddiy ichki kasallik bilan bog`liq emasligiga amin bo`lsangiz, hammasini testosteronga yo`yavering — eringiz bundan ko`ngli tog`dek ko`tarilib, sochi to`kilsa, xursand bo`ladigan holatga keladi.

Otello kompleksi

Rashk qilmagan erkak erkakmi? Hamma erkaklar juftini qizg`anadi, ayollar ham. Lekin shunday erkaklar borki, ularda bu tuyg`u kasallik darajasiga etgan, bunday erkak bilan yashaydigan ayol muntazam bosim va iskanjada bo`ladi. Kampirining o`limini g`assol ayoldan qizg`anib qizlariga yuvdirgan chollar haqida ham eshitganmiz. Albatta, rashkchi erlarning ayollari iloji boricha janjal uchun bahona tug`dirmaslikka, o`zlarini sipo tutishga intiladilar. Ammo baribir do`q-po`pisadan qutula olmaydilar. Bunday erkak oldida boshqa erkaklarni, hatto, yomonlab ham tilga olmaysiz, muhabbatingiz har daqiqada isbotlab turasiz va sabr qilasiz. O`zga chora yo`q.
Shahnoza TO`RAXO`JAEVA tayyorladi
Manba: Darakchi.uz
Категория: Qiziqarli foydali maslahatlar / Kerakli maslahatlar | Добавил: Админ | Теги: Beklar nimalardan qorqishadi? | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar